Asosiy mazmunga o'tish

0-dars: VS Code muhitini sozlash

Bu dars boshqalardan uzunroq — shoshilmang, har qadamdan keyin “Ishlaganini qanday bilaman” qismini bajaring. Qadam ishlamasa, keyingisiga o’tmang: 3 qadam oldingi xatoni 3 qadam keyin qidirish eng katta vaqt yo’qotish.

Python kodini istalgan matn muharririda yozish mumkin — hatto Bloknotda. Lekin VS Code bitta oynada uchta narsani beradi: bir necha faylli loyiha, xatoni qadam-qadam kuzatadigan sozlagich va terminal. Bepul, o’zbek maktablaridagi zaif kompyuterlarda ham ishlaydi.

sozlagichdebugger

Programmani istalgan qatorda to’xtatib, o’zgaruvchilar ichini ko’rsatadigan vosita. 17-darsda asosiy qurolingiz bo’ladi.

1-qadam. Python o'rnatish

Windows

python.org/downloads sahifasidan Download Python tugmasini bosing va yuklangan faylni ishga tushiring.

O’rnatish oynasining eng pastida Add Python to PATH katagi bor — uni majburiy belgilang, keyin Install Now bosing. Bu katak belgilanmasa, kompyuter python so’zini tanimaydi — bu 0-darsdagi xatolarning yarmi.

Maktab kompyuterida administrator paroli bo’lmasa: Install Now o’rniga Customize installationInstall for me only yo’lini tanlang.

Ishlaganini qanday bilaman

Win+R bosing, cmd yozib Enter’ni bosing. Ochilgan qora oynada python --version deb yozing. Python 3.12.x kabi versiya chiqsa — tayyor. 'python' is not recognized chiqsa — PATH belgilanmagan, qaytadan o’rnating.

2-qadam. VS Code o'rnatish

code.visualstudio.com sahifasidan yuklab oling va o’rnating. Barcha savollarga standart javob yetadi, faqat Add "Open with Code" kataklarini belgilash keyinroq qulaylik beradi.

Ishlaganini qanday bilaman

VS Code ochiladi va chap tomonda beshta belgi ustuni (Explorer, Search…) ko’rinadi.

3-qadam. Python kengaytmasini o'rnatish

VS Code’da chapdagi to’rt kvadratcha belgisini (Extensions) bosing yoki Ctrl+Shift+X. Qidiruvga Python yozing, Microsoft chiqargan birinchi natijani tanlab Install bosing.

Sinf interneti sekin bo’lsa: o’qituvchi kengaytmaning .vsix faylini oldindan yuklab, USB orqali tarqatadi — Extensions panelidagi ... menyusida Install from VSIX bor.

Ishlaganini qanday bilaman

.py fayl ochilganda pastki o’ng burchakda Python 3.12.x yozuvi va o’ng yuqorida uchburchak Run tugmasi paydo bo’ladi.

4-qadam. Papka ochish — fayl emas

VS Code’da alohida fayl emas, papka ochiladi: File → Open Folder. Ish stolida python_mashqlar degan papka yarating va uni oching. Bundan keyin barcha darslar shu papkada yashaydi.

Papka nomida faqat lotin harflari, raqam va pastki chiziq bo’lsin: dars_01 — to’g’ri, 1-дарс (янги) — keyin boshog’riq.

Ishlaganini qanday bilaman

Chap paneldagi Explorer’da papkangiz nomi katta harflarda ko’rinadi va sichqoncha olib borilganda yangi fayl yaratish belgilari chiqadi.

5-qadam. Interpretator tanlash

Ctrl+Shift+P bosing — buyruqlar paleti ochiladi. Python: Select Interpreter deb yozing va ro’yxatdan 1-qadamda o’rnatgan Python’ni tanlang (odatda Python 3.12.x 64-bit).

Kompyuterda bir nechta Python bo’lsa, VS Code “noto’g’risini” tanlab olishi mumkin — kod ishlaydi-yu, o’rnatilgan kutubxona topilmaydi. O’shanda birinchi shu yerga qaytng.

Ishlaganini qanday bilaman

Oynaning pastki o’ng burchagida tanlangan versiya yozuvi turadi.

6-qadam. Birinchi programma

Explorer’da papkangiz yonidagi yangi fayl belgisini bosing va salom.py deb nomlang. Ichiga yozing:

salom.py
print("Salom, STEAM Academy!")

O’ng yuqoridagi uchburchak Run tugmasini bosing.

Ishlaganini qanday bilaman

Pastda terminal ochilib, oxirgi qatorida Salom, STEAM Academy! yozuvi chiqadi. Tabriklaymiz — siz endi dasturchisiz.

7-qadam. Terminal bilan tanishish

Ctrl+` (Ctrl va klaviatura chap yuqoridagi backtick) terminalni ochadi-yopadi. Run tugmasi aslida shu terminalda bitta buyruq bajaradi. O’zingiz ham qila olasiz: terminalga python salom.py deb yozing va Enter bosing.

Bu CF 16-darsdagi terminal bilan bir xil dunyo — u yerda mashq qilgan buyruqlaringiz shu yerda ishlaydi.

Ishlaganini qanday bilaman

python salom.py xuddi Run tugmasidek Salom, STEAM Academy! chiqaradi.

8-qadam. Debugger bilan birinchi tanishuv

salom.py ga yana ikki qator qo’shing, jami uch print bo’lsin. Birinchi qator raqamining chap tomonini bosing — qizil nuqta paydo bo’ladi.

to'xtash nuqtasibreakpoint

Programma shu qatorga yetganda to’xtab, sizning buyrug’ingizni kutadi.

Endi F5 bosing (Python File ni tanlang). Programma qizil nuqtada to’xtaydi, chapda Variables paneli ochiladi. F10 (Step Over) har bosilganda bitta qator bajaradi. To’liq quvvatini 17-darsda ishlatasiz — hozircha shu tanishuv yetadi.

Ishlaganini qanday bilaman

F10 bosgan sayin terminalda qatorlar bittalab paydo bo’ladi va sariq strelka keyingi qatorga o’tadi.

9-qadam. Fayl nomlash qoidalari

Uchta qattiq qoida, uchalasi ham “programma ishlamayapti” degan sirli muammolardan saqlaydi:

  1. Faqat lotin harf, raqam, pastki chiziq: hisob_1.py. Kirill va bo’shliq — yo’q.
  2. Har doim .py kengaytmasi bilan tugasin.
  3. Faylni hech qachon input.py, random.py, turtle.py deb nomlamang — bu nomlar Python kutubxonalariniki, faylingiz ularni “bosib qoladi” va eng g’alati xatolar chiqadi.

Ishlaganini qanday bilaman

Papkangizdagi barcha fayllar shu uch qoidaga mos — birortasida kirill, bo’shliq yoki kutubxona nomi yo’q.

10-qadam. Tayyor sozlamalarni yuklash

Sinf uchun tekshirilgan sozlamalar to’plamini tayyorlab qo’ydik: settings.json faylini oching va ichidagini to’liq nusxalang. VS Code’da Ctrl+Shift+PPreferences: Open User Settings (JSON) → ochilgan faylga qo’yib saqlang.

Bu sozlamalar: 4 bo’shliqli otstup (IndentationError’dan saqlaydi), avtosaqlash, o’chirilgan avtoformat va proyektor uchun kattaroq shrift.

Ishlaganini qanday bilaman

Yangi qator boshida Tab bossangiz kursor 4 bo’shliq siljiydi va fayl bir soniyadan keyin o’zi saqlanadi (sarlavhada dumaloq belgi turmaydi).

1Python o'rnatishda qaysi katakni belgilamaslik eng ko'p muammoga olib keladi?

Javobni ko'rish

Add Python to PATH. Belgilanmasa terminal python buyrug’ini tanimaydi va hech narsa ishga tushmaydi.

2VS Code'da nega alohida fayl emas, papka ochiladi?

Javobni ko'rish

Loyiha bir nechta fayldan iborat bo’ladi. Papka ochilganda VS Code interpretator, terminal va debugger’ni shu loyihaga bog’laydi.

3Kod ishlaydi, lekin o'rnatilgan kutubxona topilmayapti. Birinchi nimani tekshirasiz?

Javobni ko'rish

Interpretatorni: Ctrl+Shift+PPython: Select Interpreter. Ehtimol VS Code boshqa Python nusxasini tanlab olgan.

4Faylni random.py deb nomlasangiz nima bo'ladi?

Javobni ko'rish

Sizning faylingiz Python’ning random kutubxonasini “bosib qoladi” — import random endi kutubxona o’rniga sizning faylingizni ochadi va tushunarsiz xatolar boshlanadi.

5Breakpoint nima va F10 nima qiladi?

Javobni ko'rish

Breakpoint — programma to’xtaydigan belgilangan qator. F10 (Step Over) esa to’xtagan joydan bitta qator oldinga yuradi — o’zgaruvchilar qanday o’zgarayotganini kuzatish mumkin.

Darsni belgilash uchun JavaScript kerak. Bu progressni saqlash uchun ishlatiladi — darslikning o'zi JavaScript'siz ham to'liq o'qiladi.